Yangiliklar
Iqtisodiyot va moliya vazirligining “Qishloq joylarni kompleks rivojlantirish” (2-bosqich) loyihasi Samarqand, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarining 21 ta tumanidagi 157 ta mahallada ijtimoiy infratuzilma obyektlarini qurish va kapital ta’mirlash ishlarini ko‘zda tutadi.
Loyihaning umumiy qiymati 293,5 million dollarni tashkil etadi.
Joriy yilning 28-mart kuni mamlakatimizning chekka hududlarida yashovchi aholining ijtimoiy-iqtisodiy turmush tarzini yaxshilashga qaratilgan “Qishloq joylarni kompleks rivojlantirish” loyihasining ikkinchi bosqichini amalga oshirish toʻgʻrisida Prezident qarori imzolandi.
Belgilangan vazifalarni bajarish maqsadida Iqtisodiyot va moliya vazirligi va BMT Taraqqiyot dasturi birgalikda Islom taraqqiyot bankining moliyaviy ko‘magida “Qishloq joylarni kompleks rivojlantirish” loyihasining 2024-2028-yillarda Samarqand, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarining 21 tumanidagi 157 mahallani qamrab oladigan ikkinchi bosqichini ishga tushirmoqda.
Yangi loyiha yo‘l-transport infratuzilmasi, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari, elektr ta’minoti tizimlarini takomillashtirish, bolalar bog‘chalari, maktablar va qishloq poliklinikalari kabi ijtimoiy soha obyektlarini qurish va rekonstruksiya qilishda resurs tejovchi va ekologik toza texnologiyalarni qo‘llash orqali qishloq aholisining turmush darajasini oshirishga qaratilgan.
Shuningdek, tegishli yashil va energiya tejamkor hamda raqamli yechimlardan foydalangan holda qishloqlarni rivojlantirish rejalarini ishlab chiqish va amalga oshirishda arxitektorlar, muhandislar jamoalari, mahalliy hokimiyat organlari va boshqa manfaatdor tomonlarning imkoniyatlarini kengaytirish va salohiyatini mustahkamlash rejalashtirilgan.
Mazkur loyiha qurilish va sarmoyaviy loyihalarni amalga oshirish uchun asos bo‘ladigan mahallalarni rivojlantirish rejalarini ishlab chiqish orqali jamoalarga o‘z rivojlanish ustuvorliklari va ehtiyojlarini aniqlash imkonini berishi kutilmoqda.
Loyihani amalga oshirish natijasida 622 mingdan ziyod qishloq aholisining turmush sharoiti yaxshilanishi rejalashtirilgan.
Eslatib oʻtamiz, loyihaning 2022-yildan to hozirgi kungacha amal qilayotgan birinchi bosqichi ham xuddi shunday vazifalarni qoʻygan boʻlib, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm, Buxoro va Navoiy viloyatlarining 20 ta maqsadli tumanlarida 170 ta mahalla fuqarolar yigʻinidagi qishloq aholisining turmush darajasini, hamda aholining kasbiy malakasini oshirish maqsadida chekka qishloqlarda obyektlarni qurish va taʼmirlash ishlarini o’z ichiga olgan. Ayni paytda mahalliy aholining faol ishtirokida 2024-2025-yillarda quriladigan yoki rekonstruksiya qilinadigan 940 ta loyiha tanlab olingan.