Yangiliklar
“Qishloq joylarni barqaror rivojlantirish” loyihasi doirasida Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Birlashtirilgan loyihalarni amalga oshirish guruhining atrof-muhit muhofazasi va ijtimoiy himoya bo‘yicha mutaxassislari tomonidan Buxoro viloyatining G‘ijduvon, Vobkent, Shofirkon, Buxoro va Kogon tumanlari mahallalarida joylashgan qurilish ishlari belgilangan hududlarida ekologik va ijtimoiy skrining jarayonlari davom etmoqda.
Ayni vaqtda hududlardagi mahalla maishiy xizmat ko‘rsatish markazi, maktabgacha ta’lim muassasasi va oilaviy shifokorlik punkti kabi ijtimoiy obyektlar barpo etish bo‘yicha tanlangan va tasdiqlangan subloyihalar ko‘zdan kechirilmoqda.
Baholash davomida qurilishlar uchun belgilangan yer maydonlari aniqlanib, qurilish ishlari olib borish natijasida o‘simliklarni ko‘chirish yoki boshqa ekologik hamda ijtimoiy salbiy oqibatlarning yuzaga kelishini oldini olish kabi holatlar o‘rganiladi. Bir so‘z bilan aytganda, subloyihalar skriningi kelgusida ro‘y berishi mumkin bo‘lgan turli ta’sirlarni o‘rganish va unga nisbatan oldindan maqbul yechim topishda qo‘llanadi.
Mutaxassislar ishtirokida mahallalarda tashkil etilayotgan ekologik va ijtimoiy skrining davomida mahalliy aholi bilan uchrashuvlar tashkil etilib, ularga loyiha haqida umumiy axborot berilmoqda, shuningdek murojaatlar bilan ishlash tizimi yuzasidan tushuntirish ishlari olib borildi.