Yangiliklar
O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Birlashtirilgan loyihalarni amalga oshirish guruhi tomonidan respublikamizning 4 ta hududi – Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm, Buxoro va Navoiy viloyatlarida infratuzilma, ijtimoiy sohani rivojlantirish va aholi bandligini orttirishga yo‘naltirilgan “Qishloq joylarni barqaror rivojlantirish” loyihasi amalga oshirib kelinmoqda.
Mazkur loyiha orqali respublikaning 20 ta tumanidagi 170 ta mahallada yo‘l-transport infratuzilmasi, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari, elektr ta’minoti tizimi yaxshilanib, bolalar bog‘chasi, maktab kabi ijtimoiy obyektlarni qurish va rekonstruksiya qilishda resurs tejovchi va ekologik toza texnologiyalarni qo‘llash orqali 710 mingga yaqin aholining turmush darajasini oshirish rejalashtirilgan. Eng muhimi – yuqoridagi vazifalar maqsadli hududlarda mahalliy aholining talab va ehtiyojlari asosida shakllantirildi.
Loyihaning umumiy qiymati Islom taraqqiyot banki va OPЕK xalqaro taraqqiyot jamg‘armasi kreditlari hamda BMT Taraqqiyot dasturi va mamlakatimiz ulushini qo‘shib hisoblaganda 338 mln dollarni tashkil etadi.
Bugungi kungacha “Qishloq joylarni barqaror rivojlantirish” loyihasi doirasida maktab, maktabgacha ta’lim tashkiloti va tibbiyot muassasalari kabi 71 ta ijtimoiy soha obyektlari va 40 ta jamoatchilik hamda aholi tomonidan boshqariladigan mahalla majmuasini yangidan qurish uchun pudratchi tashkilotlarni aniqlab olish bo‘yicha dastlabki tender jarayonlari o‘tkazilmoqda.
Shuningdek, loyiha doirasida tanlangan subloyihalar bo‘yicha texnik ko‘rik va shartnomalarni boshqarish uchun konsalting xizmatlarini ko‘rsatuvchi xorijiy konsalting firmasi bo‘yicha tender yakunlangan, 4 ta mahalliy konsalting bo‘yicha tender jarayonlari davom etmoqda.
Shu bilan birga, kelgusi yillarda loyihaning ikkinchi fazasini amalga oshirish orqali Samarqand, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarining chekka hududlaridagi aholini turmush tarzini yaxshilash yuzasidan xalqaro moliya tashkilotlari bilan 260 mln dollarlik kelishuv imzolangan.