Yangiliklar
O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va Moliya vazirligi huzuridagi Birlashtirilgan loyihalarni amalga oshirish guruhi va Birlashgan Millatlar Tashkilotining Taraqqiyot dasturi (BMTTD) bilan hamkorlikda "Qishloq joylarni barqaror rivojlantirish" loyihasi o‘tkazilgan davra suhbatida atrof-muhitning buzilishi va uning qishloq xo‘jaligi hamda mahalliy aholi hayotiga salbiy ta’siri asosiy muhokama mavzusiga aylandi.
Toshkent shahrida boʻlib oʻtgan mazkur tadbirda Orolbo‘yi va uning qishloq xo‘jaligi va mahalliy aholi hayotiga ta'sirini muhokama qilish maqsadida vazirlik va idoralar, Islom taraqqiyot banki, Jahon banki va BMTTD vakillari, ekologiya, qishloq xoʻjaligi sohasi mutaxassislari hamda jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Davra suhbatidan ko‘zlangan maqsad – O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi va aholisiga atrof-muhit buzilishining salbiy ta’sirini muhokama qilish va tahlil qilish, asosiy muammo va zaif tomonlarini aniqlash hamda bunday ofat oqibatlarini yumshatish bo‘yicha amaliy yechimlarni taklif qilishdan iborat.
Muhokama davomida atrof-muhitning buzilishining salbiy ta’siri, jumladan, tuproq unumdorligining pasayishi, suv sifatining yomonlashuvi va aholi o‘rtasida kasallanishning kuchayishi bilan bog‘liq asosiy jihatlar aniqlandi.
BMTTD mutaxassislari va tadqiqot kompaniyasi vakillaridan iborat guruh favqulodda vaziyatlar va atrof-muhit degradatsiyasining qishloq xo‘jaligi sohasi va aholiga ta’sirini baholash bo‘yicha ilg‘or xorijiy tajribalar sharhini taqdim etdi.
Tadbir ishtirokchilari qishloq xo‘jaligiga zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, aholining sog‘lom turmush tarzi va barqaror dehqonchilik usullaridan xabardorligini oshirish kabi ekologik vaziyatni yaxshilash bo‘yicha tezkor chora-tadbirlar ko‘rish zarurligini ta’kidladi.
Davlat idoralari va xalqaro tashkilotlar vakillari Orolboʻyida atrof-muhitning buzilishi natijasida yuzaga kelgan muammolarni hal qilishga qaratilgan dastur va loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirish boʻyicha hamkorlikka, birgalikdagi saʼy-harakatlarga tayyor ekanliklarini bildirdilar.
Tadbirning yakuniy qismida shaharsozlik hujjatlarini takomillashtirish va innovatsion, kam uglerodli va energiya tejamkor dizayn yechimlarini joriy etishga qaratilgan hamda hududlar, shaharlar va qishloqlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish – loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirishda yoshlarni faol ishtirok etishga keng jalb etish maqsadida tashkil etilayotgan “Smart Rural Planning” yosh arxitektorlar va shaharsozlik mutaxassislari tanlovining g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tanlov natijalariga ko‘ra, hakamlar hay’ati uchta nominatsiya bo'yicha g‘oliblarni aniqladi:
«Smart rural settlement» (bosh reja/qishloq hududining kontseptual loyihasi):
1-o‘rin: Parpiyev Jamshidbek (Toshkent arxitektura-qurilish universiteti)
2-o‘rin: Yergasheva Nilufar (Toshkentdagi Turin Politexnika universiteti)
3-o‘rin: Asatullayeva Umida (Samarqand davlat arxitektura-qurilish instituti)
«Smart district» (bosh reja, shahar/tumanning kontseptual loyihasi):
1-o‘rin: Qayumova Diyora (Toshkent Kimyo xalqaro universiteti)
2-o‘rin: Jabborov Abdulaziz (Moskva arxitektura instituti)
3-o‘rin: Utkelbayeva Ranay (Ku Leuven, Belgiya)
«Green building» (jamoat binosi yoki ijtimoiy ob'ekt loyihasi)
1-o‘rin: Baxtiyorjonov Xumoyunmirzo (Bucheon University in Tashkent)
2-o‘rin: Umarkulova Shahodat (Toshkent arxitektura-qurilish universiteti)
3-o‘rin: Malikova Dinara (Toshkent arxitektura-qurilish universiteti)
G‘oliblarga qimmatbaho sovg‘alar (kompyuterlar, planshetlar va tashqi xotira disklari) topshirildi.