Yangiliklar
Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi loyihalarni amalga oshirish guruhi xodimlari, BMT Taraqqiyot dasturi vakillari uchun “Qishloq joylarni barqaror rivojlantirish” loyihasi doirasida tashkil etilgan o‘quv seminari davomida BMT TDning Jakarta shahridagi ofisida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Unda O‘zbekiston delegatsiyasi BMTTD Barqaror energiya bo‘yicha katta maslahatchisi Verania Andria, ACCESS loyiha rahbari Matilda Sari Gukmauli va loyihaning turli yo‘nalishdagi mutaxassisilari bilan uchrashdilar.
Muloqot davomida BMT TD va uning loyihalari tomonidan Indoneziyada energetika sohasini yaxshilash, yashil texnologiyalarni joriy etish, qishloq joylarni ijtimoiy-iqtisodiy va ekologik muammolarni hal qilish, uglerod emissiyasilarini kamaytirish, muqobil energiyani ishlab chiqish va qo‘llab-quvvatlash hamda boshqa ekologik muammolarni hal qilishda BMT TDning keng tajribasini tadbiq qilish kabi masalalar yuzasidan tajriba almashildi.
Shu bilan birga, yig‘ilganlar tomonidan qishloq aholisini ijtimoiy-iqtisodiy, ekologik va infratuzilma bilan bog‘liq muammolarini hal etish, xonadonlarda daromad manbaini yaratishni yaxshilash borasida mahallani rivojlantirish rejalarini ishlab chiqishda bir qator yangi takliflar muhokama qilindi.
Bundan tashqari, o‘quv seminari ishtirokchilari Jahon bankining ofisida ham bo‘lib, qishloq joylarni rivojlantirish loyihasi doirasida bankning ijtimoiy rivojlanish bo‘yicha katta mutaxassislari Hanna Jeyn Dunkan va Enarlayla Hasana bilan uchrashdilar.
Mazkur uchrashuvda qishloq joylarni rivojlantirish bo‘yicha Indoneziya, Singapur, Janubiy Afrika kabi davlatlarda Jahon bankining bosqichma-bosqich bosib o‘tgan tajribasi, istiqbolli amaliyotlarga doir masalalarni va qilingan xatoliklar, duch kelingan muammo hamda undan olingan saboq, tavsiyalar muhokama qilindi.