Yangiliklar
Shaharsozlik va hududlardagi infratuzilma bilan bog‘liq muammolarni yangicha yondashuv bilan hal etish maqsadida tashkil etilayotgan “Smart Rural Planning” yosh arxitektorlar va shaharsozlik mutaxassislari tanlovi doirasida Toshkent shahridagi Turin Politexnika universiteti hamda Toshkent arxitektura-qurilish universitetlarida talabalar bilan uchrashuvlar tashkil qilindi.
O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligining “Qishloq joylarni barqaror rivojlantirish” loyihasi amalga oshirish guruhi va BMTTD tashabbusi bilan o‘tkaziladigan mazkur tanlov shaharsozlik hujjatlarini takomillashtirish va innovatsion, kam uglerodli dizayn yechimlarini joriy etishga qaratilgan hamda hududlar, shaharlar va qishloqlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish loyihalarini ishlab chiqish va amalga oshirishda yoshlarni faol ishtirok etishni maqsad qilgan.
Talaba yoshlar va 35 yoshgacha bo‘lgan mustaqil mutaxassislar tanlovda O‘zbekiston Respublikasini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga qaratilgan loyihalari bilan ishtirok etishlari kutilmoqda. Uchrashuvga yig‘ilgan talabalarga tashkilotchilar tomonidan tanlovda qatnashish shartlari haqida ma’lumotlar berildi. O‘z navbatida, do‘stona muloqot tarzida o‘tgan uchrashuvlar davomida yoshlar tanlov haqida o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar.
Nomzodlardan mualliflik loyihalari joriy yilning 30-iyuliga qadar quyidagi 3 yo‘nalishda qabul qilinadi:
- “Smart rural settlement” - qishloq hududining bosh rejasi/kontseptual dizayni;
- “Smart district” - shahar/tumanning kontseptual loyihasi, bosh reja;
- “Green building” - jamoat binosi yoki ijtimoiy obyektning loyihasi.
OTMda talaba-yoshlar bilan bo‘lgan uchrashuvlar davomida yig‘ilganlarga Iqtisodiyot va moliya vazirligining tomonidan amalga oshirilayotgan “Qishloq joylarni barqaror rivojlantirish” loyihasining mohiyati, BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlarining mamlakat iqtisodiy, ijtimoiy va ekologik vaziyatida tutgan o‘rni yuzasidan muhokamalar bo‘lib o‘tdi.