Gerb
Joint Projects Implementation Unit
under the Ministry of Economy and Finance of the Republic of Uzbekistan
For Information
+99871 207-84-07
Ishonch telefoni
+99877 363-37-35

Yangiliklar

G‘ijduvon tumani: 26-umumta’lim maktabi yangi qiyofaga kirdi

Buxoro viloyatining G‘ijduvon tumanida yoshlarning zamonaviy bilim olishi, intellektual salohiyatini yuksaltirishi, kasb-hunar egallashi hamda har tomonlama yetuk insonlar bo‘lib kamol topishi uchun munosib shart-sharoitlar yaratish maqsadida tumandagi 26-sonli umumta’lim maktabida keng ko‘lamli qurilish-ta’mirlash va obodonlashtirish ishlari yakunlanib, ta’lim muassasasi zamonaviy qiyofada foydalanishga topshirildi. Ayni paytda mazkur maktabda 1 490 nafar o‘quvchi tahsil olmoqda. Ularning ta’lim-tarbiyasi bilan 141 nafar pedagog xodim shug‘ullanib kelmoqda. 

“Qishloq joylarni barqaror rivojlantirish” loyihasi hamda davlat budjetidan ajratilgan mablag‘lar evaziga maktabda keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari amalga oshirildi. Xususan, 750 o‘rinli yangi qo‘shimcha o‘quv binosi barpo etildi, mavjud bino kapital ta’mirlandi. Shuningdek, zamonaviy oshxona, yozgi sport maydonchasi va sport zali foydalanishga tayyorlandi. Amalga oshirilgan ishlar natijasida maktabning umumiy quvvati avvalgi 880 o‘rindan 1 630 o‘ringa yetkazildi. Eng muhimi, avval ikki smenada faoliyat yuritgan ta’lim muassasasi endi bir smenali tizimga o‘tkazildi. Bu esa o‘quvchilarning ta’lim olishi uchun yanada qulay muhit yaratish, ularning darsdan tashqari vaqtlarini mazmunli tashkil etish, sport va turli to‘garaklarga keng jalb qilish imkoniyatlarini oshiradi. 

Shu bilan birga, pedagoglar uchun ham samarali mehnat qilish, ta’lim-tarbiya jarayonini sifatli tashkil etishga xizmat qiladigan sharoitlar yaratildi. Maktabning foydalanishga topshirilishi munosabati bilan o‘tkazilgan tantanali marosimda tuman hokimligi, ta’lim sohasi vakillari, ustoz-murabbiylar, ota-onalar, o‘quvchilar hamda keng jamoatchilik ishtirok etdi.

Ochilish marosimida ta’lim muassasasida yaratilgan imkoniyatlardan samarali foydalanish, o‘quvchilarning bilim olishga bo‘lgan qiziqishini yanada oshirish va ta’lim sifatini yuksaltirish muhim vazifalardan ekani qayd etildi.

Buxoro viloyat hokimligi matbuot xizmati
 

Yuborish Ulashish