Gerb
Joint Projects Implementation Unit
under the Ministry of Economy and Finance of the Republic of Uzbekistan
For Information
+99871 207-84-07
Ishonch telefoni
+99877 363-37-35

Yangiliklar

“Jovgari” mahallasi aholisi uchun yangi imkoniyat: zamonaviy tibbiyot punkti binosi foydalanishga topshirildi

Buxoro viloyati Gʻijduvon tumani markazidan olis hududlardan biri boʻlgan “Jovgari” MFY hududida aholi salomatligini muhofaza qilish, birlamchi tibbiy xizmat koʻrsatish sifatini oshirish hamda fuqarolar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish borasida yana bir muhim qadam tashlandi.

Mahalladagi oilaviy shifokor punkti binosi mukammal taʻmirdan chiqarilib, zamonaviy talablar asosida jihozlangan holda foydalanishga topshirildi. Mazkur loyiha aholiga tibbiy xizmatlarni yanada yaqinlashtirish, ayniqsa, tuman markazidan uzoqda joylashgan hududlarda istiqomat qiluvchi fuqarolar uchun birlamchi tibbiy xizmatdan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan.

Bunyodkorlik va taʻmirlash ishlari Islom taraqqiyot banki va OPEK Xalqaro taraqqiyot jamgʻarmasi tomonidan moliyalashtirilayotgan “Qishloq joylarni barqaror rivojlantirish” loyihasi doirasida amalga oshirildi. Loyihaning qiymati 954,3 million soʻmni tashkil etdi. Loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish ishlarini “Qishloq qurilish loyiha” tomonidan amalga oshirilgan boʻlsa, qurilish-taʻmirlash ishlarini “El-Jahon Event Buildings” MCHJ bajardi.

OSHP ochilish marosimida soʻzga chiqqanlar bugungi kunda aholi salomatligini muhofaza qilish, tibbiy xizmat sifatini oshirish va ayniqsa, chekka hududlarda yashovchi fuqarolar uchun zamonaviy tibbiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishga alohida eʻtibor qaratilayotganini taʻkidladilar. Shuningdek, yangi tibbiyot maskani mahalla aholisi uchun nafaqat tibbiy xizmat koʻrsatish joyi, balki kasalliklarning oldini olish, profilaktik koʻriklarni tashkil etish, aholi bilan tushuntirish ishlarini olib borish va sogʻlom turmush tarzini targʻib qilishda muhim ahamiyat kasb etishi qayd etildi.

Endilikda fuqarolar tibbiy koʻrikdan oʻtish, profilaktik tadbirlarda ishtirok etish va zarur hollarda tibbiy maslahat olish uchun uzoq masofani bosib oʻtishlariga ehtiyoj kamayadi. Ayniqsa, keksalar, bolalar, homilador ayollar va doimiy tibbiy nazoratga muhtoj fuqarolar uchun tibbiy xizmatning aholi yashash joyiga yaqin boʻlishi muhim ahamiyatga ega.

Zamonaviy va qulay tibbiyot maskanida aholiga sifatli birlamchi tibbiy xizmat koʻrsatish bilan bir qatorda, kasalliklarni erta aniqlash, ularning oldini olish va aholi salomatligini muntazam nazorat qilishga ham keng imkoniyat yaratiladi. 

Manba: Buxoro viloyati hokimligi Axborot xizmati

Yuborish Ulashish