Yangiliklar
Vatanimiz mustaqilligining 35 yilligi hamda yangi o‘quv yili boshlanishi munosabati bilan Buxoro viloyatining Shofirkon tumanida ta’lim sohasidagi bunyodkorlik ishlari yangi bosqichga ko‘tarildi. Tumandagi qator umumta’lim maktablarining yangi va rekonstruksiya qilingan binolari, shuningdek, maktabgacha ta’lim tashkilotining qo‘shimcha binosi foydalanishga topshirilib, o‘quvchi va tarbiyalanuvchilar uchun zamonaviy va qulay sharoitlar yaratildi.
Yangi o‘quv yili arafasida foydalanishga topshirilgan ta’lim maskanlari orasida 25-, 3-, 26-, 28-, 6- va 42-sonli umumta’lim maktablari hamda 9-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkilotining qo‘shimcha binosi bor.
Ta’lim infratuzilmasini rivojlantirishga qaratilgan ishlar tumanning turli mahallalarini qamrab oldi. Jumladan, “Bobur” mahallasidagi 25-sonli umumta’lim maktabi Islom taraqqiyot banki mablag‘lari hisobidan “Qishloq joylarni barqaror rivojlantirish” dasturi doirasida tubdan rekonstruksiya qilindi. Ushbu maqsad uchun 4,3 milliard so‘m mablag‘ sarflanib, maktab barcha qulayliklarga ega zamonaviy ta’lim maskaniga aylantirildi. Ayni paytda bu yerda 30 nafar malakali pedagog 490 nafar o‘quvchiga ta’lim-tarbiya bermoqda. Pedagoglarning 8 nafari oliy, 10 nafari birinchi va 8 nafari ikkinchi malaka toifasiga ega.
“Mirzoqul” MFYdagi 28-sonli umumta’lim maktabi ham yangi o‘quv yilida zamonaviy qiyofa kasb etdi. ITB va OPEK taraqqiyot jamg‘armasining moliyaviy ko‘magida “Qishloq joylarni barqaror rivojlantirish” dasturi doirasida ta’lim maskanini yangilash ishlariga 4,664 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirildi. Hozirda maktabda 48 nafar pedagog 600 nafar o‘quvchiga ta’lim-tarbiya bermoqda.
Ushbu mahalladagi 9-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkilotining yangi qo‘shimcha binosi ham foydalanishga topshirildi. 1989-yilda qurilgan asosiy bino yoniga 90 o‘rinli yangi bino qo‘shilib, muassasaning umumiy sig‘imi 166 nafar bolaga yetkazildi. Mazkur bunyodkorlik ishlari uchun 3,168 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirildi.
Yangi sharoitlar — bir smenali ta’lim sari
Shofirkon tumanida yangi o‘quv yili oldidan yangilangan yana bir qator maktablar o‘quvchilar ixtiyoriga topshirildi.
Jilvon qishlog‘ida joylashgan 26-sonli umumta’lim maktabida keng ko‘lamli yangilanishlar amalga oshirilib, ta’lim dargohi zamonaviy qiyofada foydalanishga topshirildi. Mazkur ta’lim maskani qariyb 5,5 milliard so‘m mablag‘ evaziga kapital ta’mirlandi. Qurilish-ta’mirlash ishlari natijasida 330 o‘rinli yangi o‘quv binosi barpo etilib, maktabning umumiy o‘quvchi sig‘imi 476 nafarga yetkazildi.
Barcha sinf xonalari zamonaviy o‘quv jihozlari, yangi parta va stullar, elektron doskalar hamda xavfsizlikni ta’minlovchi kuzatuv vositalari bilan ta’minlandi. Eng muhimi, yaratilgan yangi sharoitlar maktabda bir smenali ta’lim tizimiga o‘tish imkonini bermoqda.
“Do‘rmon” mahallasidagi 3-sonli umumta’lim maktabida ham yangi o‘quv yili oldidan keng ko‘lamli yangilanishlar amalga oshirildi. 1965-yilda bunyod etilgan mazkur ta’lim maskani “Saidov Building” MCHJ tomonidan qariyb 6 milliard 386 million so‘m mablag‘ yo‘naltirilib, kapital ta’mirlandi. 720 o‘ringa mo‘ljallangan maktabda o‘quvchilar uchun barcha zarur sharoitlar yaratildi, sinf xonalari zamonaviy o‘quv jihozlari bilan ta’minlandi.
Ayni paytda ushbu maktabda 513 nafar o‘quvchi tahsil olmoqda. Ularga 56 nafar pedagog ta’lim-tarbiya bermoqda, ularning 17 nafari milliy va xalqaro darajadagi sertifikatlarga ega. 9-11-sinf o‘quvchilari orasida milliy va xalqaro sertifikat sohiblari soni 18 nafarga yetgan. O‘tgan o‘quv yilida maktabni 32 nafar 11-sinf bitiruvchisi tamomlagan bo‘lib, ularning 13 nafari davlat oliy ta’lim muassasalariga talaba bo‘ldi.
Shofirkon tumanidagi “Xorkash” MFYdagi 42-sonli umumta’lim maktabida ham kapital ta’mirlash ishlari amalga oshirildi. 1989-yilda bunyod etilgan, 180 o‘ringa mo‘ljallangan maktab binosi yillar davomida foydalanish natijasida ta’mirtalab holatga kelgan edi. Joriy yilda OPEK dasturi doirasida ajratilgan qariyb 5,2 milliard so‘m mablag‘ hisobidan maktab binosida kapital ta’mirlash ishlari amalga oshirildi.
Maktab hududida o‘quvchilarning jismoniy tarbiya va sport bilan muntazam shug‘ullanishlari uchun 12x24 metr o‘lchamdagi yangi sport zali ham barpo etilib, foydalanishga topshirildi. Bugungi kunda maktabda 308 nafar o‘quvchi tahsil olmoqda.
Maktab o‘quvchilarining ta’limdagi natijalari ham e’tiborga molik. Xususan, 2025–2026-o‘quv yilida maktabni tamomlagan 11 nafar bitiruvchining 8 nafari davlat va xususiy oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilindi.
Bir asrlik tarix — yangi taraqqiyot bosqichi
Shofirkon tumanidagi “Tezguzar” mahallasida joylashgan 6-son umumta’lim maktabining yangilanishi esa alohida tarixiy ahamiyatga ega. Ta’lim maskani o‘zining bir asrlik yubileyini yangi va zamonaviy qiyofada qarshi oldi.
Maktab tarixi 1921-yilga borib taqaladi. Mavjud ma’lumotlarga ko‘ra, o‘sha davrda maktab atigi ikki sinfdan iborat bo‘lib, Obloberdi boyning mehmonxonasida tashkil etilgan. Bu yerda 8 yoshdan 15 yoshgacha bo‘lgan bolalar ta’lim olgan. Maktabning dastlabki o‘qituvchilari Obid Homidov va Turdi Qutliyevlar imkoniyatlar cheklangan murakkab davrda ham yosh avlodga saboq berishdek sharafli vazifani sidqidildan ado etganlar.
Dargoh tarixida turli sinovli kunlar ham bo‘lgan. Hatto sinf xonasiga o‘t qo‘yilishi oqibatida maktab faoliyati vaqtincha to‘xtagan. Ammo xalqning ilm va ma’rifatga bo‘lgan intilishini to‘xtatib bo‘lmadi – 1924-yilda ta’lim jarayoni qayta tiklandi. Shundan so‘ng “Tezguzar” maktabi tumandagi ilk ta’lim maskanlaridan biri sifatida o‘z faoliyatini davom ettirib, yillar davomida “Tezguzar” va atrof hududlardagi farzandlarga bilim va tarbiya berib keldi. Bir asr davomida mazkur maktabdan ko‘plab yetuk insonlar, olimlar, fan doktorlari va fan nomzodlari, oltin medal sohiblari, davlat va jamoat arboblari yetishib chiqdi.
Bugungi kunda maktabda 69 nafar pedagog faoliyat yuritmoqda. O‘quvchilarning fan olimpiadalari, ijodiy festivallar, turli tanlovlar va xalqaro dasturlarda munosib natijalarga erishayotgani maktab jamoasining izlanishlari samarasidir. Jumladan, 10-sinf o‘quvchilari tomonidan 18 ta milliy va xalqaro sertifikat qo‘lga kiritilgan. 2026 yil yakuniga ko‘ra, bitiruvchilarning 50 foizi oliy ta’lim muassasalariga qabul qilingani, ularning o‘qishga kirishdagi o‘rtacha natijasi 120 ballni tashkil etgani ham maktab jamoasining samarali mehnatidan dalolat beradi.
Maktabning yangi qiyofaga ega bo‘lishida Islom taraqqiyot banki va OPEK taraqqiyot jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan “Qishloq joylarni barqaror rivojlantirish” dasturi doirasida keng ko‘lamli ta’mirlash va bunyodkorlik ishlari amalga oshirildi. Loyiha doirasida 8,2 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirilib, 180 o‘rinli yangi o‘quv binosi barpo etildi. Natijada maktabning umumiy o‘quvchi sig‘imi 680 nafarga yetkazildi.
Yangi sinf xonalari zamonaviy jihozlar, yangi parta va stullar, elektron doskalar hamda zarur texnik vositalar bilan ta’minlandi. Eng muhimi, yaratilgan yangi sharoitlar maktabda bir smenali ta’limni tashkil etish imkonini bermoqda.
Shu tariqa, bir asrlik tarixga ega ta’lim maskani uchun bunyod etilgan yangi bino shunchaki infratuzilmaviy yangilanish emas, balki yangi taraqqiyot bosqichining boshlanishini anglatadi. Bir asr avval ikki sinf bilan boshlangan ta’lim maskani bugun zamonaviy bino, yangi imkoniyatlar va yuksak maqsadlar bilan o‘z tarixining yangi sahifasini ochmoqda.
Ta’limga yaratilayotgan sharoit – kelajakka qo‘yilgan sarmoya
Shofirkon tumanida yangi o‘quv yili arafasida foydalanishga topshirilgan ta’lim maskanlarida amalga oshirilgan ishlarni bir jihat birlashtiradi – bu o‘quvchilar uchun munosib, zamonaviy va xavfsiz ta’lim muhitini yaratishdir.
Zamonaviy sinf xonalari, elektron doskalar, yangi jihozlar, qo‘shimcha o‘quv binolari va sport inshootlari o‘quvchilarning sifatli bilim olishi bilan birga, ularning iqtidori va qobiliyatini ro‘yobga chiqarishi uchun ham keng imkoniyat yaratmoqda.
Yangi o‘quv yilining ilk kunlarida bu o‘zgarishlarning eng quvonchli ishtirokchilari, shubhasiz, maktab ostonasini ilk bor hatlab o‘tayotgan 1-sinf o‘quvchilari bo‘ldi. Tantanalarda jajji o‘quvchilarga yangi o‘quv yilida omad va muvaffaqiyatlar tilanib, davlatimiz rahbari nomidan tayyorlangan maxsus sovg‘alar – o‘quv qurollari topshirildi. Maktabgacha ta’lim tashkilotida esa kichkintoylarga kitoblar sovg‘a qilinib, ularning ilm olish va kitobxonlikka bo‘lgan qiziqishini oshirishga e’tibor qaratildi.
Shofirkon tumanida amalga oshirilayotgan bunday bunyodkorlik ishlari qishloq hududlarida ta’lim infratuzilmasini rivojlantirish, aholiga munosib sharoit yaratish va yosh avlod uchun yangi imkoniyatlar ochishga xizmat qilmoqda.
Eng muhimi, yangilangan va zamonaviy ta’lim maskanlari yosh avlodning puxta bilim olishi, ilg‘or ko‘nikmalarni egallashi, kelgusida yurtimiz taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shadigan yetuk va barkamol insonlar bo‘lib voyaga yetishi uchun mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qiladi.
Manba: Buxoro viloyati hokimligi Axborot xizmati