Gerb
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI
IQTISODIYOT VA MOLIYA VAZIRLIGI HUZURIDAGI
BIRLASHTIRILGAN LOYIHALARNI AMALGA OSHIRISH GURUHI
Ma‘lumot uchun
+99871 207-84-07
Ishonch telefoni
+99877 363-37-35

Yangiliklar

Gʻijduvon tumani: Gajdumak, Jovgari, Chagʻdari va boshqa mahallalarda qurilish, bunyodkorlik ishlari avjida

Buxoro viloyatining eng koʻp aholisiga ega tumanlardan biri Gʻijduvon tumanida qurilish-bunyodkorlik ishlari yil boʻyi keng koʻlamda olib boriladi. Hududda aholi turar joylari, koʻp qavatli xonadonlar bilan birga, sogʻliqni saqlash, taʼlim muassasalari, boshqa ijtimoiy soha inshootlarini kengaytirish, mukammal taʼmirlash, qoʻshimcha binolarni barpo etish ishlari har qachongidan qizgʻin tus olgan.

Qishloq joylarni barqaror rivojlantirish” loyihasi doirasida Buxoro viloyat hokimligi huzuridagi “Yagona buyurtmachi xizmati injeniring kompaniyasi” Davlat unitar korxonasi buyurtmasi hamda “Qishloqqurilishloyiha” davlat muassasasi loyihasi asosida tumanning Gajdumak, Jovgari, Chagʻdari va boshqa aholi maskanlarida maktabgacha va maktab taʼlimi muassasalarini mukammal taʼmirlash, qoʻshimcha oʻquv binolari va yordamchi inshootlar, sport majmualarini qurish, hududni obodonlashtirish ishlari jadal olib borilmoqda.

Jumladan, Gajdumak mahallasida faoliyat yuritib kelgan 7-sonli umumtaʼlim maktabi 640 oʻringa moʻljallangan boʻlib, aslida bu yerda ayni paytda mingdan oshiq oʻquvchi moslashtirilgan sharoitda tahsil olib kelardi. Shu bois, bunda 3 qavatdan iborat, 540 oʻrinli yangi oʻquv binosini barpo etishga kirishilgan. Shu bilan birga, yaqin oylarda maktabda yosh avlod uchun oshxona va talab darajasidagi stadionni qurib foydalanishga topshirish lozim. Buning uchun esa mahalliy byudjet hisobidan 10 milliard soʻm mablagʻ moliyalashtirilgan boʻlib, hozirda hududda qizgʻin qurilish ishlari bormoqda.

Xuddi shunday, Jovgari mahallasidagi 26-sonli umumtaʼlim maktabini mukammal rekonstruksiya qilish, bunda 880 oʻrinli oʻquv inshootini kapital rekonstruksiya qilish barobarida qoʻshimcha 4 qavatli, 750 oʻquvchi oʻrniga ega oʻquv korpusini barpo etishga qaror qilingan.

Shuningdek, maktabda yosh sportsevarlarning koʻp yillik orzusi boʻlgan, 12 metrga 24 metr oʻlchamdagi sport zalini qurish ishlari jadal bormoqda. Bu loyihalar uchun esa 14 milliard soʻm sarmoya sarflanayotgani barobarida har ikki maktabdagi qurilish, rekonstruksiya ishlarini pudratchi sifatida “Muxamedov-Radjabov” MCHJ binokorlari olib bormoqdalar.

Ayni kunda Chagʻdari mahallasidagi 23-sonli umumtaʼlim maktabida ham navqiron avlod taʼlim-tarbiyasi uchun yanada qulay va zamonaviy muhitni yaratishga eʼtibor kuchaytirilgan. Xususan, bu manzilda 420 oʻrinli oʻquv binosi toʻliq taʼmirlanayotgani barobarida yangi sport zali barpo etilayotgani, maktab hududi obodonlashtirilayotgani chagʻdariliklarni juda xursand qilmoqda. Yosh avlod jismoniy va ruhiy kamoloti, maʼnaviy oʻsishi, talab darajasida bilim olishi uchun bugun 4 milliard soʻmdan ziyod mablagʻ tikilmoqda.

Maktab — taraqqiyot va maʼnaviyat maskani. Shunday ekan, bugun umumtaʼlim maktablarida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik va mukammal taʼmirlash ishlari kelajakka qoʻyilayotgan mustahkam poydevor,  taʼlimga kiritilayotgan sarmoyadir.

Manba: Buxoro viloyati hokimligi

Yuborish Ulashish