Gerb
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI
IQTISODIYOT VA MOLIYA VAZIRLIGI HUZURIDAGI
BIRLASHTIRILGAN LOYIHALARNI AMALGA OSHIRISH GURUHI
Ma‘lumot uchun
+99871 207-84-07
Ishonch telefoni
+99877 363-37-35

Yangiliklar

Joylarda qishloq infratuzilmasini rivojlantirish yo‘nalishidagi loyihalar kengash yig‘ilishi o‘tkazildi

Iqtisodiyot va moliya vazirligining “Qishloq joylarni barqaror rivojlantirish” va “Qishloq joylarni kompleks rivojlantirish” (2-bosqich) loyihalarining navbatdagi kengash yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Loyihani amalga oshirishda hamkori tashkilot Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot Dasturining O‘zbekistondagi vakolatxonasi tomonidan tashkil qilingan mazkur uchrashuvda loyihani amalga oshirishda aloqador tashkilot-idoralar vakillari, mahalliy hokimliklar hamda loyihani amalga oshiruvchi guruh mutaxassislari qatnashishdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 18-sentabrdagi PQ-5246-sonli Qaroriga asosan Islom taraqqiyot banki va OPEK xalqaro taraqqiyot jamg‘armasi moliyaviy ko‘magida amalga oshirib kelinayotgan “Qishloq joylarni barqaror rivojlantirish” loyihasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm, Buxoro va Navoiy viloyatlarining 20 ta tumanini qamrab oladi. 

Loyiha doirasida jami 912 ta obyekt tanlab olingan hamda ulardan 111 ta yangi qurilish obyektlarining deyarli aksariyati yakunlanib, Davlat qabul hay’ati dalolatnomasi rasmiylashtirilmoqda. Bundan tashqari, 801 ta rekonstruksiya va mukammal ta’mirlash ishlari belgilangan obyektlarda ish qizg‘in davom etmoqda.

2-bosqich “Qishloq joylarni kompleks rivojlantirish” loyihasida esa Samarqand, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarining 21 ta chekka tumanlarida amalga oshiriladi. Uning doirasida jami 741 ta obyektning loyiha-smeta hujjatlari ishlab chiqilib, ekspertiza xulosalari olish ishlari yakunlandi.

Anjuman kun tartibidan loyihalar doirasida qurilish, loyihalashtirish, rekonstruksiya yo‘nalishlarida o‘tayotgan yilda amalga oshirilgan ishlar, erishilgan natijalar, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar, olingan saboqlar hamda 2026-yil uchun loyiha rejalari haqida taqdimot va muzokaralar o‘rin oldi.

Shu bilan birga, uchrashuv qatnashchilari xalqaro tashkilotlar va donor tashkilotlarining chekka hududlarda infratuzilma va ijtimoiy sohani rivojlantirish bo‘yicha tanishib, hamkorlikni yanada kengaytirish, kelgusida shu yo‘nalishdagi loyihalarni davom ettirish kabi masalalarni muhokama qildilar.

Yuborish Ulashish