Yangiliklar
“Qishloq joylarni kompleks rivojlantirish” (2-bosqich) loyihasi doirasida Qashqadaryo viloyatining chekka va tog‘li hududlarida istiqomat qiluvchi yoshlar uchun mobilografiya va ijtimoiy tarmoqlar marketingi (SMM) bo‘yicha amaliy o‘quv treninglari tashkil etildi.
Mazkur tadbirlar loyiha ko‘makchi hamkori — BMT Taraqqiyot dasturining tashabbusi bilan o‘tkazildi. Treninglarda Qamashi tumanining turli manzilli mahallalarida yashovchi 18-30 yosh oralig‘idagi faol va ijodkor yoshlar ishtirok etmoqda.
Trening dasturi orqali ishtirokchilarga mobil telefon yordamida sifatli foto va videokontent yaratish, uni ijtimoiy tarmoqlarda samarali targ‘ib qilish, shuningdek, onlayn platformalarda shaxsiy brendni shakllantirish bo‘yicha nazariy bilimlar va amaliy ko‘nikmalar berilmoqda.
Loyihaning asosiy maqsadi — qishloq yoshlari orasida raqamli savodxonlikni oshirish, ularni zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanishga o‘rgatish hamda shu orqali qo‘shimcha daromad manbalarini yaratish imkonini kengaytirishdan iborat.
Shuningdek, bunday treninglarni Qashqadaryoning boshqa tumanlarida ham bosqichma-bosqich o‘tkazish, yoshlarni o‘z hududlarining ijtimoiy-iqtisodiy hayotida faol ishtirok etishga undash va ularning ijodiy salohiyatini qo‘llab-quvvatlash rejalashtirilgan.