Gerb
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI
IQTISODIYOT VA MOLIYA VAZIRLIGI HUZURIDAGI
BIRLASHTIRILGAN LOYIHALARNI AMALGA OSHIRISH GURUHI
Ma‘lumot uchun
+99871 207-84-07
Ishonch telefoni
+99877 363-37-35

Yangiliklar

Shofirkon tumanida yangi mahalla markazi foydalanishga topshirildi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 18 sentabrdagi “Islom taraqqiyot banki va OPEK xalqaro taraqqiyot jamgʻarmasi ishtirokida “Qishloq joylarni barqaror rivojlantirish” loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori ijrosi doirasida joylarda keng koʻlamli bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari olib borilmoqda.

Mazkur qaror asosida viloyatimiz mahalla va qishloqlarida oʻnlab ijtimoiy soha inshooti, aholi vakillari kundalik tashvish-ehtiyojlarini qondirish, ularga savdo-maishiy va boshqa xizmatlar koʻrsatish orqali turmush tarzi yaxshilashni koʻzda tutgan loyihalar roʻyobga chiqarilayotgani quvonarli, albatta. Xuddi shunday, Buxoro viloyati Shofirkon tumanidagi “Mirzoqul” mahalla fuqarolar yigʻinida uch qavatli, zamonaviy xizmat koʻrsatish markazi qurib foydalanishga topshirildi.

Hududi 20 sotix yer maydonida bunyod etilgan bu markaz 15 000 nafardan ortiq aholi istiqomat qiluvchi mahalla aholisi uchun haqiqiy universal maskanga aylandi. Binoda aholi uchun ijtimoiy, maishiy hamda maʼmuriy xizmatlar koʻrsatish imkoniyati yaratilmoqda. Jumladan, mahalla markazining yerosti qavatida meva-sabzavotlarni saralash va qadoqlash boʻyicha maxsus xona va yordamchi xonalar tashkil etilgan.

Birinchi qavatda esa ayollar va erkaklar uchun alohida sartaroshxona, goʻzallik saloni, dorixona, bank vakillari uchun, yana mahalla maʼmuriyati, raisi, hokim yordamchisi, xotin-qizlar faoli, yoshlar yetakchisi va profilaktika inspektori uchun xizmat xonalari shay qilingan. Ayni paytda bu inshootda davlat xizmatlari markazi, qandolat sexi va zamonaviy savdo doʻkoni ham aholiga xizmat koʻrsatadi.
Binoning ikkinchi qavati oʻquv va kasb-hunar yoʻnalishlariga ixtisoslashtirilgan. Bu yerda kasbga yoʻnaltirish markazi, kimyoviy tozalash xizmati, shuningdek, zamonaviy fitnes zali tashkil etilgan. Uchinchi qavatda esa tikuvchilik sexi, maishiy texnika ustaxonasi va yoshlar markazi joylashgan boʻlib, bu seksiyalar ham aholi, ayniqsa, yoshlar bandligini taʼminlashda muhim ahamiyat kasb etadi.

Yangi xizmat koʻrsatish markazini foydalanishga topshirilishida tuman rahbarlari, mahalla nuroniylari va jamoatchilik vakillari ishtirok etdilar. Tadbirda soʻzga chiqqanlar mazkur loyiha ahamiyati, uning mahalla hayotidagi oʻrni, yaratilayotgan qoʻshimcha ish oʻrinlari xususida toʻxtaldilar. Inshootning ramziy lentasi qirqilgach, yigʻilganlar zamonaviy andozada tiklangan mahalla markazida yaratilgan shart-sharoit bilan yaqindan tanishdilar.

Manba: Buxoro viloyati hokimligi matbuot xizmati 
 

Yuborish Ulashish