Yangiliklar
“Qishloq joylarni barqaror rivojlantirish” loyihasi amalga oshirilayotgan 4 ta hudud – Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm, Buxoro va Navoiy viloyatlarida istiqomat qiluvchi aholiga qulaylik yaratish maqsadida ularning axborot savodxonligini oshirish, raqamli texnologiyalar bilan ta’minlanganlik darajasini ko‘tarish bo‘yicha qator vazifalar belgilab olingan.
Loyihaga ko‘makchi hamkor tashkilot – BMT Taraqqiyot dasturi bilan birgalikda bugungacha hududlarda maktablarda raqamli infratuzilmani rivojlantirish maqsadida kompyuter sinflarini AKT bilan jihozlash, oilaviy shifokorlik punktlari hamshiralarini planshetlar bilan ta’minlash, qishloq xo‘jaliklari uchun agrometeostansiyalar o‘rnatish, yoshlar uchun kovorking markazlarini kompyuterlar bilan ta’minlash kabi ishlar amalga oshirildi.
Xususan, loyiha boshlangandan beri 4 ta hududdagi 8 ta maktablarga kompyuter sinflari tashkil qilinib, zamonaviy kompyuterlar, interaktiv doska hamda lokal tarmoq uskunalari bilan ta’minlandi. Maktablarni tanlab olishda undagi o‘quvchilarning soni, kompyuter sinfxonalarining AKT bilan ta’minlanganlik holati, maktablarning viloyat markazidan qanchalik olisda joylashgani, raqamli texnologiyalar bilan ta’minlanganlik bo‘yicha tuman maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limlari tavsiyalari o‘rganilgan.
Ellikqal’a, Bog‘ot, Buxoro va Karmana tumanlaridagi oilaviy shifokorlik punktlari hamshiralari va ro‘yxatga olish xodimlari uchun kompyuter, printer va planshetlar ajratilishi esa ular xizmat ko‘rsatayotgan aholi soni, umumiy shifokorlar soni, mavjud AKT qurilmalari soniga qarab belgilangan.
Fermerlar va meva-sabzavot mahsulotlarini ishlab chiqaruvchilar uchun agrometeostansiyalar o‘rnatishda ularning eng katta qamrovi, mavjud qurilmalardan uzoqlikda joylashish masofasi, foydalanuvchi fermerlar bog‘larining umumiy maydoni internet bilan ta’minlanganlik darajasi kabi omillar hisobga olindi. Ana shu talablarga javob bergan Amudaryo, Xonqa, Shofirkon va Navbahor tumanlaridagi qishloq xo‘jaliklariga 4 ta agrometeostansiyalar o‘rnatib berildi.
Mahallalarda yoshlarning bo‘sh vaqtida axborot texnologiyalari bo‘yicha bilimini oshirish, elektron xizmatlardan foydalanish bo‘yicha aholisi malakasini shakllantirish maqsadida 8 ta mahallalarda Mahalla resurs markazlari tashkil qilinib ularda axborot burchagi, printer va simsiz Wi-Fi routerlar o‘rnatildi.
Shu bilan birga, davlat tomonidan moliyalashtiriladigan resurs markazi mavjud bo‘lmagan, markazdan olis joylashgan tanlangan hududlarda qurilgan mahalla maishiy xizmat ko‘rsatish binolarining 4 tasida yoshlar uchun kovorking markazlarni tashkil etildi.
Yoshlar va aholining axborot texnologiyalari bo‘yicha bilim va malakalarini oshirish yo‘nalishida hududlarda keng jamoatchilik uchun qator treninglar o‘tkazilib kelinmoqda. Jumladan, raqamli savodxonlik bo‘yicha treninglar natijasida 170 ta mahallada axoli va mahalla qo‘mita xodimlari uchun www.my.gov.uz, www.mysoliq.uz va www.mymehnat.uz orqali davlat xizmatlaridan foydalanish bo‘yicha o‘qitish, autentifikatsiya usullarini o‘rgatildi. 4 ta viloyatda AutoCAD va 3DMAX dasturlarida ishlashni o‘rganish istagida bo‘lgan yoshlar uchun muhandislik dasturlari bo‘yicha treninglar o‘tkazilgan.
Loyiha doirasida shuningdek, kiberxavfsizlik va internetdan xavfsiz foydalanish, Sun’iy Intellekt asoslari, zamonaviy qishloq xo‘jaligi texnologiyalari, onlayn savdo ko‘nikmalari yuzasidan seminarlar bo‘lib o‘tgan.
Mazkur uchrashuvlarda jami 2500 nafardan ortiq ishtirokchilar qatnashishgan.