Gerb
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI
IQTISODIYOT VA MOLIYA VAZIRLIGI HUZURIDAGI
BIRLASHTIRILGAN LOYIHALARNI AMALGA OSHIRISH GURUHI
Ma‘lumot uchun
+99871 207-84-07
Ishonch telefoni
+99877 363-37-35

Yangiliklar

Vobkent tumanida yangi subloyihalar ishga tushdi

Qishloq joylarni barqaror rivojlantirish” loyihasi doirasida Buxoro viloyatining Vobkent tumanida joylashgan “Mirvoshi” MFYda mahalla maishiy xizmat ko‘rsatish markazi binosi foydalanishga topshirildi.

Mazkur markaz hudud aholisining ehtiyojlari inobatga olingan holda tashkil etilgan bo‘lib, turli xil ijtimoiy maslahatlar, maishiy va ma’muriy masalalar hal etilishida yordamlar olish uchun universal maskan bo‘ladi. Binoning yerosti qavatida meva va sabzavotlarni saralash va qadoqlash uchun maxsus joy, yordamchi xonalar, birinchi qavatda esa ayollar va erkaklar uchun alohida sartaroshxona, dorixona, bank vakillari uchun xonalar, kutish joylari va MFY raisi hamda hokim yordamchisi, xotin-qizlar faoli, yoshlar yetakchisi, profilaktika inspektori uchun xonalar tashkil etilgan. Shuningdek, bu yerda davlat xizmatlari markazi, qandolatchilik sexi va savdo do‘koni ham faoliyat ko‘rsatadi.

Ikkinchi qavat esa ko‘proq o‘quv markazlariga ajratilgan bo‘lib, unda kasbga yo‘naltirish markazi, kimyoviy tozalash xizmati va fitnes zali kabi obyektlar o‘rin oldi. Uchinchi qavatda esa tikuvchilik xonasi, maishiy texnika ustaxonasi va yoshlar markazi faoliyatini yo‘lga qo‘yilgan.

Shu kuni tumanning “So‘fidehqon” MFY hududida 50 qatnovli oilaviy poliklinikaning yangi binosi ham o‘z eshiklarini ochdi. Mazkur hududda obyekt qurilishdan avval aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatadigan zamonaviy tibbiyot shahobchasi bo‘lmagan. Bor tibbiy xizmat ko‘rsatuvchi punktlar temir yuk konteynerlarida joylashgan bo‘lib, mahalla aholisiga sifatli va to‘liq tibbiy yordam ko‘rsatish uchun quvvati yetarli bo‘lmagan.

Islom taraqqiyot banki kredit mablag‘lari hisobiga qurilish ishlari amalga oshirilgan yangi tibbiyot poliklinikasi 2300 dan ortiq mahalliy aholiga sifatli xizmat ko‘rsatishi belgilangan.

Zamonaviy qiyofaga va barcha qulayliklarga ega shifokorlik punkti yangi binosini barpo etish va jihozlash uchun qariyb 2,8 mlrd so‘m mablag‘ sarflandi. 14 ta xonadan iborat tibbiyot maskanida aholi salomatligini mustahkamlashga qaratilgan barcha imkoniyatlar yetarli. Ayollar, bolalar va keksalar uchun alohida xonalar, shuningdek, ginekologiya, fizioterapiya, emlash, sterilizatsiya, muolaja xonasi, laboratoriya, 2 ta kunduzgi statsionar jami 14 xonalari ham mavjud. Bu yerda nafaqat kelib-ketuvchilar, balki faoliyat olib boradigan 16 nafar tibbiyot xodimining samarali ish yuritishi uchun ham zarur shart-sharoitlar yaratildi.

Obyektlar ochilishida Islom taraqqiyot banki, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, BMTTD, Buxoro viloyat hokimligidan vakillar va mahalliy aholi ishtirok etdilar.

Yuborish Ulashish