Yangiliklar
Iqtisodiyot va moliya vazirligining “Qishloq joylarni barqaror rivojlantirish” va “Qishloq joylarni kompleks rivojlantirish” (2-bosqich) loyihalarining kengash yig‘ilishlari bo‘lib o‘tdi.
Unda Iqtisodiyot va moliya vazirining o‘rinbosari Samandar Sadullayev, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi doimiy vakilasi Akiko Fujii, Islom taraqqiyot bankining Olma-otadagi ofisi amaliyotlar guruhi rahbari Vahyu Vijayanto (onlayn), Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Xorazm, Buxoro, Navoiy, Samarqand, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlari xokimliklaridan vakillar, loyihani amalga oshirish guruhi xodimlari hamda ommaviy axborot vositalari qatnashishdi.
Tadbirda asosan Islom taraqqiyot banki, OPEK xalqaro taraqqiyot jamg‘armasi hamda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot Dasturi O‘zbekistondagi vakolatxonasi hamkorligida amalga oshirilayotgan loyihalarning joriy 2024-yildagi hisoboti tinglanib, kelgusi 2025-yilda bajarilishi lozim bo‘lgan vazifalar muhokama qilindi.
“Qishloq joylarni barqaror rivojlantirish” loyihasi doirasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Buxoro, Navoiy va Xorazm viloyatlarining 20 ta tumanidagi 170 ta mahalla qamrab olingan. Qarorga asosan 111 ta obyektlarni, shu jumladan, 71 ta ijtimoiy soha va 40 ta aholi va jamoatchilik tomonidan boshqariladigan mahalla majmui obyektlarini yangidan qurilishi rejalashtirilgan.
Shuni ta’kidlash joizki, o‘tayotgan yilning muhim yutuqlaridan biri – 40 mahalla klaster rivojlantirish rejalarining ishlab chiqilishi bo‘ldi, bunda mahalliy aholi faol ishtirok etdi. Ushbu rejalar faqat g‘oyalar ro‘yxati emas, balki Qoraqalpog‘iston, Buxoro, Navoiy va Xorazm viloyatlaridagi qishloq hududlarida yangi ijtimoiy infratuzilmani tiklash va qurishda yordam beradigan 895 ta sub-loyihani amalga oshirish uchun haqiqiy yo‘l xaritalaridir.
Asfaltlangan yo‘llar va yaxshilangan oqava suv tizimlaridan yangilangan tibbiyot muassasalari va maktablargacha – har bir sub-loyihada mahalliy aholi ehtiyojlari va orzulari aks etilgan. Loyihalar doirasida mahallalarda 1491 kishidan iborat 170 ta tashabbuskor guruh tashkil etilib, ular belgilangan vazifalarning bajarilishini nazorat qilishmoqda. Quvonarlisi, ayollar bu jarayonlarda faol ishtirok etib, o‘z hissalarini qo‘shmoqda.
O‘tgan yil davomida qishloq aholisi salohiyatini oshirish maqsadida qishloq xo‘jaligi, energiya samarali loyihalash va qurish, iqlim o‘zgarishi, elektron tijorat, davlat xizmatlarini onlayn olish va boshqa ko‘plab sohalarda 12 ta turli trening tashkil etildi. Treninglarda 1852 kishi ishtirok etdi.
Ayni vaqtda hududlarda yangidan qurilayotgan 111 ta ijtimoiy soha va mahalla maishiy xizmat koʻrsatish obyektlarining barchasida tenderlar oʻtkazilib (99 ta obyektda qurilish ishlari boshlangan va 3 ta obyekt qurilish ishlari boshlash jarayonida), 5 ta obyekt uchun shartnoma tuzish jarayoni boʻlib oʻtmoqda. Shuningdek, 4 ta obyektning tender natijalari baholash komissiya tomonidan koʻrib chiqilmoqda.
Joriy yilda tasdiqlangan “Qishloq joylarni kompleks rivojlantirish” (2-bosqich) loyihasi esa Qashqadaryo, Samarqand va Surxondaryo viloyatlaridagi 21 ta tumanlardagi 157 ta MFYlarini qamrab olishi belgilangan.
Uchta pilot hududdagi 157 ta mahallada aholini loyihani amalga oshirish jarayoniga keng jalb qilish va o‘z mahallalarini rivojlantirish bo‘yicha qarorlar qabul qilishda faol ishtirok etish maqsadida treninglar tashkil etildi. 11 000 kishi, shu jumladan 4 413 ayol, o‘z hayotlarini yaxshilash uchun qanday o‘zgartirishlar qilish mumkinligini muhokama qilishdi. Ushbu uchrashuvlar faqat fikr almashish bilan cheklanib qolmadi — bu mahallalarni rivojlantirish bo‘yicha aholi ehtiyojlarini inobatga olib, qarorlarni qabul qilish imkoniyati bo‘ldi. Natijada fermerlar, yoshlar, tadbirkorlar, shuningdek 345 ayol va 15 nogironligi bo‘lgan shaxslarni o‘z ichiga qamrab olgan 157 ta tashabbuskor guruh tashkil etildi. Bu esa o‘z navbatida loyihaning inkluziv yondashuvini ta’minladi. Ushbu guruhlar sub-loyihalar amalga oshirilishini nazorat qilib boradi va kelajakdagi o‘zgarishlar uchun haqiqiy harakatlantiruvchi kuchga aylanadi.
Mazkur loyiha natijasida 622 mingdan ziyod qishloq aholisining turmush sharoitlari yaxshilanadi. Yangi tadbirkorlik subyektlari tashkil etiladi, bo‘sh turgan foydalanuvda bo‘lmagan obyektlar faoliyatini tiklash orqali yangi ish o‘rinlari barpo etiladi.
Yig‘ilish ishtirokchilari loyihalar yuzasidan ishlarni jadallashtirish, mavjud muammolarni hal etish hamda kelgusidagi maqsadlarni amalga oshirishda foydali taklif va mulohazalari bilan o‘rtoqlashishdi.
Tadbir so‘nggida shuningdek, talaba va yosh mutaxassislar o‘rtasida o‘tkazilgan “Smart Agriculture” yosh muhandislar tanlovi, “Orolbo‘yi mintaqasidagi ekologik ofatning salbiy oqibatlari” jurnalist va fotosuratchilar tanlovi g‘oliblari diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.