Gerb
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI
IQTISODIYOT VA MOLIYA VAZIRLIGI HUZURIDAGI
BIRLASHTIRILGAN LOYIHALARNI AMALGA OSHIRISH GURUHI
Ma‘lumot uchun
+99871 207-84-07
Ishonch telefoni
+99877 363-37-35

Yangiliklar

uzrd news image

“Qishloq joylarni kompleks rivojlantirish” (2-bosqich) loyihasining ishga tushirilishi bo’lib o’tdi

Bugun Toshkent shahrida O’zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligining Islom taraqqiyot banki (ITB) moliyaviy ko‘magida amalga oshirilayotgan “Qishloq joylarni kompleks rivojlantirish” (2-bosqich) loyihasining ishga tushirilishiga bag’ishlangan tadbir bo’lib o‘tdi.

Unda Iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Samandar Sadullayev, Islom taraqqiyot bankining Olma-otadagi mintaqaviy ofisida mamlakat amaliyotlari bo‘yicha menejer Ali Xan va bankning boshqa mutaxassislari, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi vakolatxonasi doimiy vakili Akiko Fuji, vazirlik va idoralardan hamda mahalliy hokimliklardan vakillar, loyihani amalga oshirishga mas’ul xodimlar qatnashishdi.

“Oʻzbekiston Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Islom taraqqiyot bankiga Oʻzbekistonda qishloq hududlarini kompleks rivojlantirish yoʻlida koʻrsatayotgan kuchli qoʻllab-quvvatlashlari uchun chuqur minnatdorchiligimni bildiraman. Birgalikdagi sa’y-harakatlarimiz orqali biz qishloq jamoalarining imkoniyatlarini kengaytirish, infratuzilmani yaxshilash hamda qishloq aholisining ta’lim va sog’liqni saqlash kabi muhim ehtiyojlarini qondirishda katta yutuqlarga erishdik. Bizning asosiy maqsadimiz qishloq aholisining hayot sifatini yaxshilashdir”, - dedi BMT TD O’zbekistondagi Doimiy Vakilasi Akiko Fujii.

Joriy yilning 28-mart kuni mamlakatimizning chekka hududlarida yashovchi aholining ijtimoiy-iqtisodiy turmush tarzini yaxshilashga qaratilgan “Qishloq joylarni kompleks rivojlantirish” (2-bosqich) loyihasini amalga oshirish toʻgʻrisida Prezident qarori imzolandi.

“Islom taraqqiyot bankiga Oʻzbekiston hukumati tomonidan “Qishloq joylarni kompleks rivojlantirish” loyihasini amalga oshirishda strategik hamkor boʻlish ishonib topshirilganini yuksak qadrlaymiz va Oʻzbekiston hukumati, ITB va BMTTD oʻrtasidagi ushbu hamkorlikni muvaffaqiyatli davom ettirishga umid qilamiz. Bugungi kunda loyihani amalga oshirish borasidagi yutuqlar quvonarli. Biz mahallani rivojlantirish rejalarini ishlab chiqishni yakunladik, endi esa qishloq infratuzilmasi bo’yicha qurilishlarni boshlashga o’tamiz”, - deydi Qozog’istonning Olmaota shahridagi Islom taraqqiyot banki mintaqaviy vakolatxonasi amaliyotlar guruhi rahbari Vahyu Vijayanto.

Belgilangan vazifalarni bajarish maqsadida Iqtisodiyot va moliya vazirligi ITB ishtirokida 2024-2028-yillarda Samarqand, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarining 21 tumanidagi 157  ta mahallani qamrab oladigan “Qishloq joylarni kompleks rivojlantirish” loyihasining ikkinchi bosqichini ishga tushirmoqda. Loyihaning umumiy qiymati 293,5 million dollarni tashkil etadi.

Yangi loyiha yo’l-transport infratuzilmasi, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari, elektr ta’minoti tizimlarini takomillashtirish, bolalar bog’chalari, maktablar va qishloq poliklinikalari kabi ijtimoiy soha obyektlarini qurish va rekonstruksiya qilishda resurs tejamkor va ekologik toza texnologiyalarni qollash orqali qishloq aholisining turmush darajasini oshirishga qaratilgan.

Shuningdek, yashil va energiya tejamkor hamda raqamli yechimlardan foydalangan holda qishloqlarni rivojlantirish rejalarini ishlab chiqish va amalga oshirishda arxitektorlar, muhandislar jamoalari, mahalliy hokimiyat organlari va boshqa manfaatdor tomonlarning imkoniyatlarini kengaytirish va salohiyatini mustahkamlash rejalashtirilgan.

Mazkur loyiha qurilish va sarmoyaviy loyihalarni amalga oshirish uchun asos bo’ladigan mahallalarni rivojlantirish rejalarini ishlab chiqish orqali jamoalarga o’z rivojlanish ustuvorliklari va ehtiyojlarini aniqlash imkonini berishi kutilmoqda.

Ochilish tadbirida ta’kidlanganidek, loyiha inklyuziv va barqaror o’sish orqali qishloqlardagi qashshoqlikni kamaytirishga yordam beradi. Loyihani amalga oshirish natijasida 622 mingdan ziyod qishloq aholisining turmush sharoiti yaxshilanishi rejalashtirilgan.

extra image extra image extra image extra image extra image extra image

Yuborish Ulashish