Biz haqimizda
Bugun mamlakatda amalga oshirilayotgan barcha islohotlar avvalo aholining turmush sifatini oshirish, yurt farovonligi hamda jamiyat rivojini mustahkamlashga yo‘nalitirilgan. Shunga ko‘ra, respublikaning chekka hududlarining me’moriy qiyofasini tubdan yangilash, ularni kompleks rivojlantirish, yo‘l-transport infratuzilmasi, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari va ijtimoiy soha obyektlarini barpo etish orqali aholining turmush madaniyatini yuksaltirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan “Qishloq joylarni barqaror rivojlantirish” loyihasi amalga oshirib kelinmoqda.
“Qishloq joylarni barqaror rivojlantirish” loyihasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 18 sentyabrdagi PQ-5246-sonli “Islom taraqqiyot banki va OPEK xalqaro taraqqiyot jamgʼarmasi ishtirokida “Qishloq joylarni barqaror rivojlantirish” loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari toʼgʼrisida”gi qarori asosida amalga oshirilishi ko’zda tutilgan.
Loyiha umumiy qiymati: 338 mln. AQSh dollarini tashkil etadi.
Loyiha maqsadi:
- qishloq aholi punktlarining me’moriy qiyofasini tubdan yangilash;
- hududlarni kompleks rivojlantirish;
- yo‘l-transport infratuzilmasi, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari va ijtimoiy soha obyektlarini barpo etish;
- aholi turmush madaniyatini yuksaltirish.
“Qishloq joylarni barqaror rivojlantirish” loyihasini mamlakatimizning 4 hududida, jumladan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Buxoro, Navoiy va Xorazm viloyatlarining 20 ta tumanidagi 170 ta qishloqlarida (40 ta markaziy, 130 ta yondosh mahalla) amalga oshirish orqali yangi ish oʼrinlarini yaratish rejalashtirilgan.
2024-yilning 28-mart kuni mamlakatimizning chekka hududlarida yashovchi aholining ijtimoiy-iqtisodiy turmush tarzini yaxshilash, hududlarni kompleks rivojlantirish, yoʻl-transport infratuzilmasi, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari va ijtimoiy soha obyektlarini barpo etish maqsadida Islom taraqqiyot banki (ITB) kredit mablagʻlari hisobiga “Qishloq joylarni kompleks rivojlantirish” (2-bosqich) loyihasini amalga oshirish toʻgʻrisida PQ-141-sonli Prezident qarori imzolandi.
Loyihaning umumiy qiymati 293,5 mln dollarga teng bo‘lib, Qashqadaryo, Samarqand va Surxondaryo viloyatlarining 21 ta tumanidagi 157 ta mahalla fuqarolar yig‘inlarida 5 yil davomida (2024-2028 yillar) amalga oshiriladi. Mazkur davr mobaynida loyiha doirasida 20 ta maktab, 14 ta maktabgacha ta’lim tashkilotlari, 10 ta tibbiyot muassasalari kabi ijtimoiy soha obyektlari, 31 dona ichimlik suvi inshootlari hamda 199,1 km ichimlik suvi tarmoqlari, 367,7 kmlik elektr uzatish va 53 ta transformatorlar punkti, 3 dona oqava inshootlari va 20 km kanalizatsiya tarmoqlari shuningdek, 328,2 km yo‘l infratuzilmasi, 41 ta aholi va jamoatchilik tomonidan boshqariladigan mahalla majmui markazlarini qaytadan qurish va ta’mirlash ishlari rejaga kiritilgan.
Tomonlar oʻrtasida qarz bitimi 2023-yilning aprelida Islom taraqqiyot banki prezidenti Muhammad Sulaymon Al-Jassirning Toshkentga boʻlgan rasmiy tashrifi doirasida imzolangan.
Qarorga ko‘ra, Iqtisodiyot va moliya vazirligi Loyihani oʻz vaqtida amalga oshirish va muvofiqlashtirish, shuningdek, ITB tomonidan ajratilgan qarzlardan maqsadli va samarali foydalanish boʻyicha masʼul ijro etuvchi organ hisoblanadi.
Subloyihalarni loyihalovchi va pudrat ishlarini amalga oshiruvchi tashkilotlarni tanlab olish ITB talablari asosida va ushbu talablarga zid boʻlmagan davlat xaridlari toʻgʻrisidagi tartib-taomillar asosida ochiq va shaffof usulda amalga oshiriladi.
Tanlangan qishloqlarda zaruriy subloyihalar aniqlangandan soʻng, har bir viloyat boʻyicha amalga oshirilishi rejalashtirilgan tadbirlar yuzasidan belgilangan tartibda texnik-iqtisodiy hisob-kitoblar ishlab chiqiladi va ekspertiza organlarida belgilangan tartibda ekspertizadan oʻtkaziladi.
Loyihani amalga oshirishda Qashqadaryo, Samarqand va Surxondaryo viloyatlari hokimliklari qoshidagi “Yagona buyurtmachi xizmati injiniring kompaniyasi” DUKlari buyurtmachi hisoblanadi.
“Qishloq infratuzilmasini rivojlantirish” loyihasi O'zbekistondagi birinchi jamoalarga asoslangan rivojlanish loyihasi hisoblanib, undagi barcha amalga oshiriladigan bosqichlar aholining fikriga asoslangan holda bajariladi.
Loyihani amalga oshirish davri 5 yilni (2020-2024 yillar) tashkil etadi.
Loyiha Farg‘ona, Andijon, Namangan, Sirdaryo va Jizzax viloyatlarining iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanishdan nisbatan ortda qolayotgan 21 ta tumanida amalga oshiriladi.
Asosiy ijrochi tashkilotlar:
- Iqtisodiyot va moliya vazirligi;
- Birlashtirilgan loyihalarni amalga oshirish guruhi;
- Andijon, Namangan, Farg‘ona, Jizzax va Sirdaryo viloyatlari hokimliklari
Qishloq aholi punktlarining me’moriy qiyofasini tubdan yangilash, hududlarni kompleks rivojlantirish, yo‘l-transport infratuzilmasi, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari va ijtimoiy soha obyektlarini barpo etish orqali aholining turmush madaniyatini yuksaltirish maqsadida Jahon bankining Xalqaro taraqqiyot uyushmasi va Osiyo infratuzilmaviy invеstitsiyalar banki ishtirokida “Qishloq infratuzilmasini rivojlantirish” loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida PQ-4898-sonli qarori imzolangan.
Mazkur loyiha bo‘yicha 2020-yil 17-yanvarda O‘zbekiston Respublikasi bilan Jahon bankining Xalqaro taraqqiyot uyushmasi bilan 100 mln AQSH dollari miqdorida hamda 2020-yil 28-mayda Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki (OIIB) bilan 82 mln AQSH dollari miqdorida “Qishloq infratuzilmasini rivojlantirish” loyihasi bo‘yicha 5 yillik imtiyozli davr bilan 30 yil muddatga qarz bitimlari imzolangan.